Joriy yilning 16-dekabr kuni Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov Sirdaryo viloyati, Xovos tumanidagi 12- hamda 26-maktabida boʻldi.
Baxtiyor Saidov 12-maktabda oʻquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishar ekan, oʻqituvchilar bilan taʼlim sifatini koʻtarish boʻyicha fikr almashdi. Har bir oʻquvchi qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalash pedagoglarning asosiy burchi ekanligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini, bolalarni kasbga yoʻnaltirish mahoratini oshirish masalalari, bolalarni komil inson sifatida tarbiyalashda oʻqituvchilarning masʼuliyati haqida mulohazalar bildirildi.
Maktab oʻquvchilari bilan yaqindan suhbatlashib, ularning qiziqishlarini soʻradi. Taʼlim muassasasida kompyuter sinfi tashkil etilib, oynai jahon sovgʻa qilinishi hamda maktabni 2023-yil investitsiya dasturiga kiritish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Soʻngra vazir 26-maktabda boʻlib, sinfxonalarni koʻzdan kechirdi. Ayrim fan kabinetlari taʼmirtalab boʻlgani bois maktabni 2022-yilda maktabni taʼmirlash zaruratini qayd etdi. Taʼmir vaqtida esa oʻquvchilar taʼlim olishini taʼminlash maqsadida vaqtincha ularni boshqa maktab yoki binolarga koʻchirish yuzasidan mahalliy hokimlik bilan fikr almashdi.
Baxtiyor Saidov Sirdaryo maktablari bilan yaqindan tanishar ekan, oʻqituvchilarning bilim saviyasi va malakasi oshirish, 7 kompetensiya boʻyicha bilimlarini baholash, taʼlim sifat-samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.