Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻquvchilar ongida huquqiy savodxonlikni oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirish, oʻquvchilar erishayotgan yutuqlarni targʻib qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Konstitutsiya – erkinligimiz kafolati” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazib kelinmoqda.
Mazkur koʻrik-tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini oʻquvchilar ongiga singdirish, ularning huquqiy savodxonligini va madaniyatini yanada oshirish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirish, faol oʻquvchilar erishayotgan natijalarni targʻib qilish va qoʻllab-quvvatlash hamda ularni qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalashdir.
Tanlovning hududiy bosqichlarida yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarning 14 ta ijodiy ishlari hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan xolisona va oshkoralikda tahlil etilib, oʻquvchilar tomonidan ijodiy ishlarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini keng ochib berishga harakat qilinganligi va ulardagi mustaqil fikr yuritish koʻnikmalari shakllanganligi alohida taʼkidlandi.
Har bir ishtirokchining ijodiy ishlari boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bayon etib, oʻquvchilarda qonunga itoatkorlik kabi tuygʻularni shakllanganligi, yildan-yilga ushbu tanlovning nufuzi ortib borayotganligi hamda ular koʻrik-tanlovga juda puxta tayyorgarlik koʻrgan holda ishtirok etganliklari haqida iliq fikr bildirildi.
Tanlov natijalariga koʻra:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumani 31-sonli umumtaʼlim maktabning 10-sinf oʻquvchisi D.Kuanishbayeva 1-oʻrinni;
Samarqand viloyati Payariq tumani 20-sonli umumtaʼlim maktabning 10-sinf oʻquvchisi O.Pardaboyeva 2-oʻrinni;
Sirdaryo viloyati Guliston shahri 2-sonli umumtaʼlim maktabning 10-sinf oʻquvchisi S.Turonova 3-oʻrinni egalladi.
Koʻrik-tanlovning gʻoliblari va ishtirokchilari vazirlikning 1-2-3-darajali diplomlar va nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblariga faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.