Xalq taʼlimi tizimidagi muammolarni “maktabbay” o‘rganish va sohadagi islohotlarni pedagoglarga yetkazish maqsadida Farg‘ona viloyatida bo‘lib turgan Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari bugun oltiariqlik pedagoglar bilan uchrashdi. Xususan, tumandagi 1-maktabda bo‘lib, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoit va mavjud muammolar o‘rganildi.
Ayni vaqtda ushbu maktabda 2400 nafardan ziyod o‘quvchi ikki navbatda taʼlim olmoqda. Tuman hokimligi bilan birgalikda yangi o‘quv yiliga qadar maktabda qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratishga kelishib olindi.
Pedagoglar bilan muloqotda esa kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan kelgusi 5 yilda xalq taʼlimi sohasini rivojlantirish milliy dasturini amalga oshirishga oid Farmon va Qarorlarining ahamiyati haqida suhbatlashildi.
Shuningdek, o‘quvchilarni maʼnaviy yetuk inson qilib tarbiyalashda o‘qituvchilar masʼuliyati, mamlakat taraqqiyoti pedagoglarga bog‘liq ekanligi, kasb-hunarga yo‘naltirishda 5-6 ta kasb bilan chegaralanmasdan, o‘quvchilarni ko‘proq kasblar bilan tanishtirish zarurligi taʼkidlandi. Shundagina bitiruvchilar farovon hayotga erishib, Oltiariq tumani, qolaversa Farg‘ona viloyati va mamlakatimiz taraqqiy etishi haqida tushuncha berildi.
Suhbat so‘ngida mazkur maktabda uzoq yillar davomida ishlab kelayotgan ikki nafar tajribali pedagog - Atham Yuldoshev va Fotima Yuldoshevalarga noutbuk taqdim etildi.