Avval xabar berilganidek, Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari Toshkent viloyatidagi taʼlim muassasalari faoliyatini o‘rganmoqda.
Masʼullar kuni kecha viloyatning 4 ta tuman va shaharlarida bo‘lib, maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, taʼlim jarayonlarining tashkil etilishi, pedagoglar faoliyati bilan tanishdi. Xususan, Yuqori Chirchiq tumanidagi 23-sonli, O‘rta Chirchiq tumanidagi 65-sonli, Ohangaron shahridagi 3-sonli, Angrendagi 7- va 25-sonli maktab hamda O‘rta Chirchiq tumanidagi 124-sonli alohida taʼlim ehtiyojlari mavjud maktablarda bo‘lib, pedagoglar va yuqori sinf o‘quvchilari bilan suxbatlashdi.
Jumladan, Ohangaron shahridagi 3-sonli maktabda 11-sinf o‘quvchilari bilan “Vazir darsi” o‘tkazilib, matematika, kimyo, fizika kabi fanlardan savol-javob qilindi.
Maktabni tamomlaganidan so‘ng kelajakda egallaydigan kasblari haqida malumotlar berilib, farovon hayotga erishish, davlatimiz taraqqiyoti uchun ko‘proq kasblarga ega bo‘lish zarurligi tushuntirildi. Shu bilan birga, kitob o‘qish orqali tafakkur va dunyoqarashni o‘zgartirish, kengroq fikrlash, ongini rivojlantirishga erishish mumkinligi taʼkidlandi.
Pedagoglar bilan suhbatda o‘qituvchilarning jamiyatda qadrini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan birga, kelajak avlod oldidagi masʼuliyatini oshirish, maktabni tamomlagan bitiruvchini maʼnaviy yetuk, teran fikrga ega, dunyoqarashi keng etib tayyorlash eng muhim vazifa ekanligi taʼkidlandi. Maktabning 2 nafar iqtidorli o‘quvchisiga noutbuk berildi. Bu kabi muloqotlar boshqa maktablarda xam tashkil etildi. 65- hamda 3-sonli maktablarga televizor, 7- va 25-sonli maktablarga elektron doska taqdim etildi.
Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va o‘quvchilarga sharoitlarni yana-da yaxshilash maqsadida kelgusi 2023-2026 yillarda Investitsiya dasturlariga kiritish belgilandi.