ENTER ENGINEERING KOMPANIYASI HOMIYLIGIDA SAMARQANDDAGI 2 TA MAKTAB MUKAMMAL TAʼMIRLANIB, FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
6-oktabr 2021-yil
Samarqanddagi 46- va 9-umumtaʼlim maktablarining rekonstruksiya va jihozlash ishlaridan soʻng yangi, zamonaviy va koʻrkam koʻrinish kasb etgan holda tantanali ochilishi shahar aholisi uchun ajoyib sovgʻa boʻldi.
Tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshid Ochilov, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Qoʻldosh Saidov, Enter Engineering Direktorlar kengashi raisi Oʻktam Latipov ishtirok etdi.
Loyihaga koʻra, 46-maktabdagi rekonstruksiya ishlari 2020-yil oxirida boshlangan boʻlib, maktabning tashqi fasad qismi butkul yangilandi, oshxona, Faollar zali va sport zali qurildi. Sinf xonalari interaktiv sensorli doskalar va planshetlar bilan jihozlandi.
Rekonstruksiya ishlari natijasida shinam va jihozlangan sinflar soni deyarli ikki barobar ortgani sababli oʻquv jarayonini bir smenada tashkil etish imkoniyati tugʻildi. Ayni paytda ushbu taʼlim maskanida 1170 nafar oʻquvchilar bilim olmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida Samarqand shahridagi 9-umumtaʼlim oʻrta maktabi Informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan tayanch maktabi maqomiga ega boʻldi. Enter Engineering kompaniyasi yordamida qisqa vaqt ichida ushbu taʼlim muassasasida taʼlim sharoitini yaxshilash loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Loyiha doirasida 11 ta sinf joylashgan va yaroqsiz holga kelgan oʻquv korpusi binosi toʻliq rekonstruksiya qilindi, kutubxona, foye, oshxona sport zali va kiyim almashtirish xonalari qurilib, jihozlandi.
Ayni paytda 9-Informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan ushbu maktabda 1435 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda.
Ushbu maktablarda yaratilgan qulay sharoitlar Oʻzbekiston yoshlarining komillikka erishishi, shaxs sifatida shakllanishida tayanch nuqtasi boʻlib xizmat qiladi.
Xalq taʼlimi vazirligi yurtimizdagi boshqa kompaniyalarni ham maktablarga yordam umummilliy harakatiga qoʻshilishga chorlab qoladi.