Ayni damda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Qashqadaryo viloyatida boʻlib turibdi. Vazirning dastlabki tashrifi Chiroqchi tumanidagi taʼlim sifati past boʻlgan maktab, jumladan, Chiroqchi tumanidagi 134-maktabni faoliyati bilan tanishishdan boshladi.
Tashrif chogʻida tuman maktablarida taʼlim sifati boʻyicha muammolar va ularni bartaraf etish haqida soʻz bordi. Joylarda oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlashi va malakasini oshirishga katta ahamiyat berilmayotganligi taʼkidlandi. Chiroqchi tumani xalq taʼlimi boʻlimi masʼullariga taʼlim sifati past boʻlgan maktablarning muammolarini oʻrganish va kerakli choralar koʻrish boʻyicha topshiriq berildi.
Baʼzi maktablarda oliy maʼlumotli oʻqituvchilarni ishga jalb qilishda muammolar borligi qayd etildi. Ayni damda Samarqand viloyatidan ushbu maktabga 2 nafar oʻqituvchi jalb qilingan. Kelgusida mahoratli oʻqituvchilar maktabda taʼlim sifatini oshirish, yuksak salohiyatli oʻquvchilarni tayyorlash ezgu maqsadi ekanligini taʼkidlab oʻtildi.
Shundan soʻng, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan 2 nafar oʻqituvchiga “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni va maktab maʼmuriyatiga zamonaviy turdagi televizor va kitob jamlanmasi topshirildi.
Xalq taʼlimi vaziri tomonidan oʻqituvchilarni qiynab turgan muammolarga javob hamda taʼlim sifatini oshirish yuzasidan zaruriy takliflar berildi.
Eslatib oʻtamiz, taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga:
✅Bir viloyatdan boshqa viloyatga borib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz;✅Tumandan boshqa bir tuman (shahar)ga borib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz ustama toʻlanadi.
Shuningdek, olis hududlarda joylashgan maktablarga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.
Batafsil maʼlumotni ustozfondi.uz (https://ustozfondi.uz/) platformasidan olishingiz mumkin.