Yangi 2021-2022 o‘quv yilida maktablarda darslar gibrid shaklda davom etishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

9-avgust 2021-yil
image

Yangi 2021-2022 o‘quv yili yaqinlashgani sari ota-onalardan uning qanday shaklda bo‘lishi borasida ko‘plab savollar kelib tushmoqda.

Barchangizga ma’lumki, bugungi kunda butun dunyodagi kabi yurtimizda ham koronavirusga chalinish holatlari davom etmoqda. Eng achinarlisi, o‘tgan yildagiga nisbatan maktab yoshidagi bolalar orasida ham kasallik tarqalishi holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda.

Shu bois Xalq ta’limi vazirligi yangi 2021-2022 o‘quv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qiladi. Bunda maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab maktab Sanitariya-epidemiologiya nazorati Markazlari taklifiga asosan mahalliy kengashlar qarorlariga ko‘ra ayrim maktablar karantinga yopilib masofaviy tizimga o‘tkazilishi mumkin.

Bunday holatlarda o‘quvchilar ta’limni vaqtincha masofaviy shaklda uydan davom ettiradi. O‘quvchining masofadan ta’lim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali «Onlayn maktab» loyihasi doirasida efirga uzatilayotgan darslar davom ettiriladi.

Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi an’anaviy ta’limni to‘liq tiklanishi uchun barcha tizim xodimlarini tezroq vaksina olishlarini so‘rab qoladi. Hech qanday eng zamonaviy masofaviy ta’lim tizimi ham bevosita maktabdagi ta’lim o‘rnini bosa olmaydi.

Hurmatli ota-onalar!

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda farzandlaringizni imkoniyatingiz doirasida maktabga tayyorlashingiz mumkinligini va bunda karantin talablariga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz.

Shu o‘rinda bugungi murakkab vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘li bu vaksinasiya, shu bois sizlardan o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini himoya qilish uchun vaksinasiya jarayonlarida faol qatnashishingizni so‘rab qolamiz.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu