XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGIDA BUDJET MABLAGʻLARINI SAMARALI VA TOʻGʻRI SARFLANISHI MASALALARI KOʻRIB CHIQILDI

6-yanvar 2022-yil
image

Joriy yilning 6-yanvar kuni Xalq taʼlimi vazirligida sohada byudjet mablagʻlarini samarali va toʻgʻri sarflanishini nazorat qilish, boshqa organlarning xalq taʼlimi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashuviga, pedagog kadrlarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralarni koʻrish hamda tizimda ichki nazoratni, korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlarini tashkil etishning yangi tizimini joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.

Ayni vaqtda yuqorida keltirib oʻtilgan masalalarni muvofiqlashtirish va tashkil etish boʻyicha Xalq taʼlimi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati hamda Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi oʻz ish faoliyatini olib bormoqda.

Yigʻilishda Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasiga byudjet mablagʻlarining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishi holatlarining profilaktikasini taʼminlash va ularning oldini olish yoʻnalishlarni kuchaytirish kabi qator vazifalar topshirildi. Kelgusida amalga oshiriladigan koʻplab masalalar belgilab olindi.

Jumladan, yanvar-mart oylari ichki audit xizmati xodimlari uchun dolzarb uch oylik deb eʼlon qilindi. Endilikda noqonuniy xarajatlarni amalga oshirish xavfi mavjud boʻlgan hududlar boʻyicha alohida “qizil” roʻyxat aniq belgilab olinadi. Ushbu hududlarda ish haqining moliyalashtirilishi hamda qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi jarayonlari doimiy nazoratga olinadi. Joriy moliyaviy yil uchun tasdiqlangan byudjet xarajatlarining maqsadli samaradorlik indikatorlarining ijrosi haqqoniy baholab boriladi.

Shuningdek, Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan xalq taʼlimi hududiy boʻlimlari “qizil”, sariq”, “yashil” toifalarga ajratilgan holda korrupsiyaviy omillar kompleks tahlil qilinadi. Har bir idoraga “tashxis” qoʻyish ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, har chorakda boʻlib oʻtadigan hayʼat yigʻilishida davlat idorasining markaziy apparatidan tortib, eng quyi boʻgʻinidagi vakiligacha qamrab oluvchi tanqidiy muhokamalar oʻtkaziladi. Ularni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar belgilanadi. Jamoatchilik, huquq-tartibot idoralari va hokimlik vakillarini jalb etgan holda korrupsiya avj olgan hududlarda “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Byudjet mablagʻlarining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishi holati profilaktikasi taʼminlanib, ularning oldini olish borasidagi faoliyatiga zamonaviy mexanizmlar joriy etiladi.

Yigʻilish doirasida xalq taʼlimi tizimi muassasalarida autsorsing xizmatlari, shuningdek, davlat xaridlari, davlat mulki obyektlari, davlat-xususiy sheriklik sohalari, “ishonch telefonlari”, rasmiy veb-saytlari va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Byudjet qonunchiligi buzilishining oldini olish maqsadida axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda tegishli maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu