Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari Namangan viloyatidan so‘ng o‘rganish jarayonini Andijon viloyatida davom ettirdi. Bugun viloyatning Baliqchi tumanidagi 36-, 45-maktab, 32-maktab filiali hamda 9-alohida taʼlim ehtiyojlari mavjud bolalar uchun mo‘ljallangan maktab-internatda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
36-maktabda 7-sinf o‘quvchilarining dars jarayonlarida ishtirok etib, o‘quvchilar bilan turli fanlardan savol-javob orqali bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Qiziqish va qobiliyatlariga ko‘ra kasb-hunarga yo‘naltirish borasida tavsiyalar berildi. Mazkur maktab 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, bugun unda qariyb 2 baravar ko‘p o‘quvchi (1206 nafar) taʼlim olmoqda.
Maktabni Investitsiya dasturiga kiritgan holda o‘quvchilarga munosib sharoit yaratish uchun maktab binosini mukammal taʼmirlash va qo‘shimcha bino qurish taklif etildi.
Shuningdek, 32-maktab filiali uchun yangi qurilayotgan 260 o‘rinli maktab binosida qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Yangi o‘quv yilida filialga alohida maktab maqomi berilib, 200 nafardan ortiq o‘quvchilar zamonaviy sharoitga ega bo‘lgan binoda taʼlim olishni boshlaydi. Bu esa o‘quvchilarning uzog‘ini yaqin qilib, ota-onalarga qulaylik yaratadi.
Tumandagi 45-maktabda ham 9-sinf o‘quvchilari va pedagogik jamoa bilan muloqot qilindi. Pedagoglarga O‘zbekiston taraqqiyoti uchun munosib avlodni tarbiyalashdagi masʼuliyati tushuntirilib, sohani rivojlantirishga oid takliflar tinglandi.
Ishchi guruh 9-ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘lib, bolalarni taʼlim olishi bilan birga davolash va sog‘lomlashtirish uchun sharoitlar yaratilganligi eʼtirof etildi.
Tuman hokimi bilan hudud xususiyatidan kelib chiqib, xalq taʼlimi tizimi nufuzini oshirish uchun alohida “brend” (logotip, shior, o‘quvchilar formasi) yaratishga kelishib olindi.
Andijon viloyatidagi taʼlim muassasalarini o‘rganish ishlari davom etmoqda.