URGUTDA TOJIKISTON HOMIYLIGI ASOSIDA QURILGAN MAKTAB FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

10-iyun 2021-yil
image

Xabaringiz bor, ayni damda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rasmiy tashrif bilan Tojikiston Respublikasida bo'lib turibdi.

Tashrif doirasida to'g'ridan-to'g'ri Dushanbe shahriga uzatilgan videoaloqa orqali Samarqand viloyati, Urgut tumanida Tojikiston Respublikasi homiyligi asosida qurilgan yangi maktabning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Maktabning rasmiy ochilish marosimi ikki davlat rahbarlarining ramziy tugmachani bosishi orqali bo'lib o'tdi.

O'zbekistonda bo'lib o'tgan tantanali ochilish marosimida Tojikiston Respublikasi ta'lim va fan vaziri boshchiligidagi delegasiya, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri, tashqi ishlar vaziri o'rinbosari, Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

640 o'rinli yangi ta'lim muassasasi zamon talablari asosida barpo etilgan bo'lib, 3 qavatli bino, 26 ta o'quv xonalari, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, AKT, sport zal, oshxona bilan jihozlangan.

Ikki mamlakat vakillari maktabda o'quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Eslatib o'tamiz, o'tgan yilning sentyabr oyida O'zbekiston mablag'lari hisobiga bunyod etilgan umumta'lim maktabi Tojikiston Respublikasining So'g'd viloyatida qurib foydalanishga topshirilgan edi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu