“ADOLAT UCHUN TAʼLIM” TASHABBUSI DOIRASIDA SEMINAR TASHKIL ETILDI

30-aprel 2021-yil
image

Xalq taʼlimi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha Markaziy Osiyodagi mintaqaviy boshqarmasi hamkorligida Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida umumtaʼlim muassasalari pedagog xodimlar uchun ishlab chiqilgan odam savdosining ayanchli oqibatlari, jinoyatchilik va korrupsiya kabi illatlarni oldini olish madaniyatini targʻib qilishga bagʻishlangan oʻquv qoʻllanmaning taqdimoti oʻtkazildi.

Tadbirda Xalq taʼlimi vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish” boʻyicha mintaqaviy boshqarmasi xodimlari, Qoʻqon shahridagi 45 ta umumtaʼlim maktablarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

photo2021-04-2916-34-10.jpg

Asosiy eʼtibor bugungi kunda oʻquvchilarning huquqiy ongini oshirish orqali ularda odam savdosi, korrupsiya, jinoyatchilik kabi illatlarga nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirishga qaratildi.

Tadbir dasturiga muvofiq, ishtirokchilarga umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilarida shu kabi illatlarga nisbatan gʻoyaviy immunitetni shakllantirish metodikasi yuzasidan jahonning ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, xalqaro trenerlar tomonidan mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Shu bilan bir qatorda, ishtirokchilariga voyaga yetmaganlar oʻrtasida sodir boʻladigan turli gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan videoroliklar namoyish etilib, muhokama etildi.

photo2021-04-2812-59-39.jpg

Tadbir yakunida ishtirokchilar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanib, ularga mahalliy trener maqomi ostida umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilari orasida tadbirlar oʻtkazish imkoni yaratildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu