Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda boshqa hududlardan mahoratli o‘qituvchilarni jalb etish orqali ta’lim sifatini oshirishga erishish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi “Yangi O‘zbekiston ustozlari” loyihasini e’lon qiladi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 11 yanvar kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, 2021 yilning 1 martidan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinishi belgilangan. Unga ko‘ra joriy yilning 1 martidan boshlab oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar boshqa viloyatga borib ishlasa 100 foiz, boshqa tumanga borib ishlasa 50 foiz ustama belgilangan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim sifati past maktablar ro‘yxati shakllantirildi va tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatga o‘tgan o‘quv yilida ta’lim darajasi past bo‘lgan (bitiruvchilari OTMga kirmagan, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilari mavjud bo‘lmagan hamda maktablarning Milliy reytingida past natija ko‘rsatgan, davlat akkreditatsiyasidan attestatsiyadan o‘ta olmagan) 1409 ta maktab kiritildi.
O‘tgan yilgi “Ustoz-2020” tanlovini o‘tkazilganing ijobiy tajribasidan kelib chiqib, “Yangi O‘zbekiston ustozlari” loyihasini amalga oshirish uchun ham “O‘qituvchilar Assotsiatsiyasi” nodavlat tashkiloti jalb qilindi. Tanlovni shaffof va adolatli o‘tkazish uchun Assotsiatsiya ekspertlari jalb qilinadi.
Boshqa hududdagi ta’lim sifati past maktablarga borib ishlashni xohlovchi pedagoglar eng avvalo oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega bo‘lishi, kamida bir yillik pedagogik stajga ega bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng, talabgor www.ustozfondi.uz elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tadi va ariza shaklini to‘ldiradi. Ekspertlar tomonidan elektron ariza o‘rganib chiqilib, talabgor “ZOOM” dasturi orqali suhbatga taklif qilinadi. Suhbat davomida talabgorning faoliyatidagi yutuqlari, psixologik tayyorgarligi baholanadi. Baholash yakunlari bo‘yicha ekspertlarning xulosalari joriy yilning 1 iyuniga qadar e’lon qilinadi.
“Yangi O‘zbekiston ustozlari” loyihasi bo‘yicha tanlab olingan ustozlar keyingi o‘quv yilidan boshlab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga dars berishni boshlaydi.
“Yangi O‘zbekiston ustozlari” loyihasining taqdimoti vazirlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Ochiq muloqot tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilib, o‘qituvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.