Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova, vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida navbatdagi “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Pedagogik mahorat markazlarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati, toʻrtinchi “Ustozlar forumi”ni oʻtkazish, darsliklarni joylarga yetkazib berish va taqsimot jarayonlari, pedagoglar ishtirokida oʻtkazilgan diagnostikasi natijalari atroflicha muhokama qilindi.
Vazir Eʼzoza Karimova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, Pedagogik mahorat markazlarining bino va inshootlarini Abdulla Avloniy instituti andozasi asosida qurish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni tilga olib oʻtdi. Oʻz oʻrnida mazkur vazifalarni hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarining oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqish, har bir tuman (shahar)dagi kamida bittadan tayanch maktabda kasbiy mahorat xonasini tashkil qilish, pedagoglarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirishga yuborish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.
Tadbirda “Mahoratli oʻqituvchi – millat tayanchi” shiori ostida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan anʼanaviy toʻrtinchi “Ustozlar milliy forumi”ga puxta tayyorgarlik koʻrish jarayonlari haqida soʻz yuritildi.
Mazkur Forumning respublika bosqichida 210 nafar ilgʻor oʻqituvchi va tarbiyachi ishtirok etadi. Soʻng kaskad usulida 13-14-avgust kunlari 14 ta viloyatda, 19-20-avgust kunlari 208 ta tuman (shahar)da, 25-29-avgust kunlari barcha taʼlim tashkilotlarida tashkil etiladi.
Tadbir doirasida yangi oʻquv yiliga qadar darsliklarning joylarga yetkazib berish va qayta taqsimlash boʻyicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.
Masʼullarga joriy yilgi maktab darsliklarining buyurtma maʼlumotlarini “Raqamli kutubxona” elektron tizimiga toʻliq kiritish hamda darsliklarni hududlar oʻrtasida qayta taqsimot qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, “Raqamli kutubxona” elektron tizim orqali darsliklarni maktablarga yetkazish jarayonlarini monitoring qilib borish, utilizatsiya qilishga doir tizimni takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, oʻtgan yildan boshlab attestatsiyada ishtirok etmagan pedagoglarni alohida diagnostikadan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari masʼul xodimlariga oʻtkazilgan diagnostika natijalari asosida manzilli ishlarni olib borish, ushbu jarayonlar tashkil etilmagan hududlar oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, diagnostikadan oʻtkazish vaqti boʻyicha taklif kiritish vazifasi berildi.
Shuningdek, avgust oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovlarini yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha masʼullarga zarur koʻrsatmalar berildi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.