Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati Surxondaryo viloyatining Termiz, Angor tumanlaridagi maktablar faoliyatini o‘rganmoqda. Xususan, o‘quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘quvchilarga zamonaviy bilim berish, ertangi kunimiz, mamlakat kelajagini rivojlantirishda pedagoglarning daxldorlik hissini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maktablardagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha aniq takliflar tayyorlandi. Jumladan, Termiz tumanidagi 25-maktabning 1986 yilda loy-paxsadan qurilgan binosini rekonstruksiya qilish, Angor tumanidagi 32-, 11-maktab binolarini mukammal taʼmirlash, 4-maktabning 80 o‘rinli binosi o‘rnida zamonaviy maktab qurish uchun Ijtimoiy va ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturiga qo‘shimcha kiritish rejalashtirildi.
Shuningdek, viloyatda taʼmirdan chiqarilib, yetarli sharoitlar yaratilgan maktab filiallariga mustaqil maktab maqomi berish belgilab olindi.
Viloyatning barcha maktablarida, ayniqsa olis hududlarida maktablarni internet tarmog‘iga ulash va ulardan samarali foydalanish, bu borada AKT mutaxassislarining masʼuliyatini oshirish qayd etildi.
Shuningdek, Xalq taʼlimi vaziri Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan “Barkamol avlod” bolalar maktabi hamda viloyat Bolalar kutubxonasida bo‘lib, u yerda bolalar uchun yaratilgan sharoit va muassasa faoliyati bilan tanishdi.
Ularda o‘quvchilar uchun sharoitlarni yana-da yaxshilash va taʼlim maskanini jihozlash vazifasi rejaga kiritildi.
Maktab o‘quvchilari bilan suhbatda ularning kelajak kasblari, maktabda olayotgan bilimi, fanlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun motivatsiya berildi.