“PISA 2025” tadqiqotiga oʻn ming nafardan ortiq oʻzbekistonlik oʻquvchilar qamrab olinadi

5-noyabr 2024-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish, pedagoglar ishtirokidagi malaka sinovlari, joriy yilgi fan olimpiadalarini sifatli oʻtkazish, “PISA 2025” tadqiqotining asosiy sinov jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, hududlarda maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini koʻtarish, bunda pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish va bogʻchalarda ilgʻor metodikalarni joriy etish boʻyicha qator ishlar olib borilayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Qayd etilganidek, yil yakuniga qadar maktabgacha taʼlim qamrovini 76 foizga yetkazish belgilangan boʻlib, bu borada joylarda zarur ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Yigʻilishda har bir tuman va shaharlarda 1 tadan tanlab olingan tayanch bogʻchalarda “Metodik mahorat kuni” va barcha bogʻchalarda “Metodik mahorat soati”ni namunali tashkil etish, bogʻcha direktorlari va metodistlari malakasini oshirish boʻyicha masʼul xodimlarga kerakli topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda joriy yilning 29-oktabridan boshlab pedagoglar ishtirokida oʻtkazilayotgan navbatdagi attestatsiya jarayonlari xususida ham soʻz bordi. Xususan, sinovlarni shaffof va adolatli tashkil etish, pedagoglarni ushbu sinovlarda toʻliq ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha zarur ishlar belgilab olindi.

Qayd etilganidek, joriy yilgi fan olimpiadalarining maktab bosqichi 16-30-sentabr kunlari, tuman (shahar) bosqichi esa 21-25-oktabr kunlari oʻtkazildi. Maktab bosqichida 1,2 mln nafardan ortiq, tuman (shahar) bosqichida 456 ming nafardan ortiq oʻquvchi ishtirok etdi.

Joriy yilning 25-noyabridan 4-dekabriga qadar ushbu olimpiadalarning uchinchi, hududiy bosqichlari oʻtkaziladi. Unda fan olimpiadalarining II bosqichida 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilar, shuningdek, Prezident, ijod va tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar, akademik litsey oʻquvchilari hamda oʻtgan oʻquv yilida fan olimpiadalarining III bosqichida 1-oʻrinni egallagan oʻquvchilar ishtirok etadi.

Yigʻilishda mazkur jarayonlarni adolatli va shaffof oʻtkazish, ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish boʻyicha hududiy masʼullarga koʻrsatmalar berildi.

Navbatdagi masala sifatida, “PISA 2025” tadqiqotining asosiy sinov jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish, bunda maktablar va oʻquvchilarga oid maʼlumotlarni tezkor shakllantirish boʻyicha navbatdagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Aytib oʻtilganidek, bugungi kunga qadar sunʼiy intellektga asoslangan raqamli taʼlim platformasi (Cerebry) uchun baholash materiallari oʻzbek va rus tillarida tayyorlanib, mutaxassislar tomonidan ekspertizadan oʻtkazildi.

“PISA 2025” tadqiqotida jami 250 ta (Toshkent shahrida 50 tadan ortiq) maktab va 10 500 nafardan ortiq oʻquvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Tadqiqotda 15 yoshli oʻquvchilar tabiiy-ilmiy savodxonlik, oʻqish savodxonligi, matematik savodxonlik, raqamli dunyoda oʻrganish (LDW) yoʻnalishlari boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi.

Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu