Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida xususiy ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar yangi ochilgan institutda pedagoglarning sifatli malaka oshirishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.
Uchrashuvda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirilib, ushbu maskanda xususiy sektor pedagoglarining malaka oshirishlari uchun ham barcha zarur imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda xususiy maktablar soni 553 taga, xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2 700 taga yetdi. 2030-yilga qadar xususiy maktablar sonini 1 000 taga yetkazgan holda, ularda tahsil oladigan o‘quvchilar ulushini 3 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Muloqot davomida nodavlat ta’lim sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.