Oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi. Abituriyentlar endi avvalgidek oliy taʼlim muassasalariga ovora bo‘lib borishlari, uzundan-uzoq navbatga turishlariga xojat qolmadi.
Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) maʼlumotlarini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami -JSHSHIR) kiritish talab etiladi. Shu bois, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur.
Bu jarayonda bitiruvchilarga yana-da qo‘laylik yaratish maqsadida attestat.uzedu.uz elektron bazasi DTM abitur.dtm.uz sayti bilan integratsiya qilingan.
Maʼlumot uchun, joriy o‘quv yilida maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchilar bitiradi. Bugungi kunda bitiruvchilarning elektron maʼlumotlar bazasi attestat.uzedu.uz saytida 16 yoshga to‘lgan 122 mingdan ortiq bitiruvchilar (31%) pasport olmagan.
Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchi yoshlar!
Farzandingizning konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishini taʼminlashingizni so‘raymiz.
Maktab maʼmuriyatidan esa bitiruvchilarning pasport maʼlumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib, ularni kelgusida oliy taʼlim muassasalariga hujjatlarini topshirishda ko‘maklashishga chaqiramiz.
Eslatib o‘tamiz, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar pasport olishlari uchun Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat etishlari mumkin.
.