Pedagoglar malakasini oshirish yaxlit tizimini tashkil etishga doir muhim vazifalar belgilab olindi

17-sentabr 2024-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayonlarini samarali tashkil etish, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlari malakasini oshirishning yaxlit tizimini joriy etish, Singapur xalqaro taʼlim tashkiloti (Marshall Cavendish Education) oʻquv dasturi asosida oʻtkazilgan trening jarayonlari tahlili hamda PISA 2025 xalqaro baholash dasturida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ishlariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, 2024-2025 oʻquv yili uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi guruhlarni shakllantirish, bolalarni qabul qilish hamda taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish choralari haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi. Shuningdek, shakllangan yoʻllanmalar boʻyicha bolalarni bogʻchalarga qabul qilish jarayonlarini izchil olib borish, bolalar yoshiga mos guruhlarni toʻliq shakllantirish boʻyicha masʼullarga zarur topshiriqlar berdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtkazilgan yigʻilishda joriy yilning iyun-avgust oylarida Singapurning xalqaro taʼlim tashkiloti (Marshall Cavendish Education) oʻquv dasturi asosida mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan trening mashgʻulotlari tahlil etildi. Kaskad usulida oʻtkazilgan ushbu jarayonlarda 98 109 nafar trener tayyorlanganligi qayd etilib, ayrim hududlar tomonidan trening mashgʻulotlarini tashkil etish ishlarida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar keskin tanqid qilindi.

Yigʻilishda Davlatimiz rahbarining 2024-yil 21-iyundagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-231-son qarorida belgilangan muhim vazifalar ijrosiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, uzluksiz malaka oshirishni taʼminlash maqsadida maktablarda “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch maktablarida esa, “Kasbiy rivojlanish kuni” joriy etish belgilanganligi, lekin baʼzi hududlardagi bu borada qilinayotgan ishlar talab darajasida emasligi aytildi.

Qayd etilganidek, joriy yilning oktabr oyidan boshlab uzluksiz kasbiy rivojlantirish tadbirlarining tayanch maktablar va maktablar kesimida sifatli tashkil etish choralari qatʼiy nazoratga olinadi. Mentor, yetakchi oʻqituvchilar hamda tegishli fan oʻqituvchilari oʻquv kurslariga qabul qilinishi uchun maxsus elektron platformada roʻyxatdan oʻtkaziladi. Tayanch maktablar va maktablarda KRK, KRS tadbirlari ishtirokchilari davomatini nazorat qilish mexanizmi ishlab chiqiladi.

Navbatdagi masala sifatida PISA 2025 xalqaro baholash dasturida ishtirok etish uchun olib borilayotgan ishlar tahlil etildi. Mazkur tadqiqot asosiy sinov jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish, sinov materiallarini xalqaro talablar asosida tayyorlash, kodlashtirish (baholash) jarayonlarini tashkil etish hamda tadqiqot maʼlumotlarini xalqaro tashkilotga taqdim etish boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, PISA 2025 tadqiqotining kompyuterlarda onlayn shaklda oʻtkazilishini inobatga olgan holda, maktablardagi kompyuter qurilmalarini har tomonlama tayyor holatga keltirish, ularni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash boʻyicha zarur topshiriqlar berildi.

Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

Shuningdek, yigʻilishda vazirlik markaziy apparati hamda tizim tashkilotlari doirasida tayinlangan masʼul xodimlar tanishtirib oʻtildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu