Joriy yilning 15-mart kuni Toshkent shahridagi 42-sonli umumtaʼlim maktabida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyodagi Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi va Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida “Hayotga qoʻshil” dasturi doirasida yakunlovchi sessiya tashkil etildi.
“Hayotga qoʻshil” dasturi Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda boshqa hamkorlarning tomonidan 13-18 yoshli bolalar oʻrtasida jinoyat, zoʻravonlik va narkotik moddalarni isteʼmol qilishni oldini olish, shu jumladan, hayotiy koʻnikmalarga oʻrgatadigan dasturlarni ishlab chiqish boʻyicha tajribalariga asosan ishlab chiqilib, oʻz oʻrnida, ushbu tajribani sport muhitida foydalanishga yoʻnaltirilgan.
Maʼlumki, jismoniy tarbiya va sport insonning psixologik, ijtimoiy va jismoniy sogʻligʻiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi sababli, u yoshlarni jismonan va maʼnan kamol inson boʻlib rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Jamiyatning turli soha vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik va murosasizlik, oʻzaro hamkorlikni ragʻbatlantirishda ijobiy taʼsir koʻrsatgani kabi, jismoniy tarbiya va sport oʻgʻil bola va qiz bolalar oʻrtasidagi hamjihatlikni shakllanishida ijobiy rol oʻynaydi.
Mazkur treningda 20 nafar oʻquvchilari ikki oy davomida “Hayotga qoʻshil” doirasida tashkil etilgan jami 10 sessiya mashgʻulotlarida ishtirok etdilar.
Ushbu sessiyalar davomida maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi va amaliyotchi psixologi tomonidan oʻquvchilarga bir-birlarini hurmat qilish va qoʻllab-quvvatlash orqali zararli illatlarga qarshi tura olish, jamoada ishlash orqali qiyinchiliklarni yengib oʻtish hamda oʻz oldiga maqsadlarni qoʻyish orqali ularga intilishga qaratilgan hayotiy koʻnikmalarni shakllantirishga katta eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchi oʻquvchilarga Xalq taʼlimi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyodagi Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan dasturda qatnashganliklari toʻgʻrisida sertifikat va esdalik sovgʻalari topshirildi.
.