Malaka (test) sinovlari yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi

24-may 2024-yil
image

Bugun Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida joriy yilda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari pedagoglarini malaka (test) sinovlaridan oʻtkazish yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sardor Radjabov hamda vazirlik masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 572-son qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari pedagoglari malaka test sinovlaridan oʻtkazildi.

Pedagoglarni attestatsiyadan oʻtkazish uchun vazirlik tomonidan malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirildi hamda inson omilisiz oʻtkaziladigan yangi tizim joriy qilindi.

Malaka sinov jarayonlari mamlakatimiz miqyosida 2024-yil 15-aprel kuni boshlandi hamda may oyining 20 kuniga qadar davom etdi.

Sinovlarda qatnashishi rejalashtirilgan 198 446 nafar pedagogning:

— 189 929 nafari yoki 95,71 foizi ishtirok etdi;

— 10 837 nafar yoki umumiy nomzod pedagoglarning 5,54 foizi malaka (test) sinovida turli sabablar bilan ishtirok etmadi;

— 120 nafar pedagog oʻrnatilgan tartib-qoidalarni buzganligi sababli sinov jarayonlaridan chetlashtirildi hamda bu haqida oʻrnatilgan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Talabgor pedagoglar umumiy hisobda 41 ta, jumladan, Informatika va axborot texnologiyalari, Boshlangʻich taʼlim, Oʻzbek tili (Davlat tili), Ona tili va adabiyoti, Matematika, Fizika, Kimyo, Biologiya, Geografiya, Iqtisodiy bilim asoslari, Musiqa madaniyati, Tasviriy sanʼat va chizmachilik, Texnologiya (qiz bolalar uchun), Texnologiya (texnologiya va dizayn yoʻnalishi — oʻgʻil bolalar uchun), Qoraqalpoq tili (Davlat tili), Rus tili va adabiyoti (rus), Rus tili (milliy maktablarda), Fransuz tili, Hind tili, Ingliz tili, Koreys tili, Nemis tili, Qirgʻiz tili va adabiyoti, Qozoq tili va adabiyoti, Tojik tili va adabiyoti, Turkman tili va adabiyoti, Xitoy tili, Yapon tili, Davlat va huquq asoslari, Tarbiya, Tarix, Qoraqalpoq tili va adabiyoti, Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik, Jismoniy tarbiya fanlari pedagoglari hamda maktabgacha taʼlim muassasalari (tarbiyachi, psixolog, tarbiyachi-metodist, Oʻqituvchi-defektolog, Oʻqituvchi-defektolog, Oʻqituvchi-logoped, Musiqa xodimi (Musiqa rahbari) xodimlari ishtirok etdi.

Malaka (test) sinovlarida oʻrtacha ball natijalari boʻyicha Buxoro (62,53), Xorazm (60,5) viloyatlari hamda Toshkent shahri (60,15) pedagoglari eng yuqori ball koʻrsatkichlariga erishdi.

Test sinovlarini oʻtkazish jarayonida hech qanday koʻngilsiz hodisalar roʻy bermadi.

Malaka (test) sinovlari respublikadagi maxsus tayyorlangan 13 ta obyektda 4 smenada oʻtkazildi. Test jarayonlarining xavfsiz va shaffof oʻtishini taʼminlash, jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash uchun Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar tizimi xodimlari jalb etildi.

Attestatsiya natijalariga koʻra pedagog kadrlarning 8 913 nafari (4,7 foiz) oliy toifa, 25 261 nafari (13,3 foiz) birinchi toifa, 46 662 nafari (24,6 foiz) ikkinchi toifa va 11 036 nafari (5,8 foiz) mutaxassis toifasiga ega boʻlishdi.

Shuningdek, 14 032 nafar (7,4 foiz) pedagog mutaxassis lavozimi uchun yetarli ball toʻplay olmagan.

Maʼlumot uchun: malaka toifasini olish sinovlari (yangi tizim asosida) ikki bosqichda oʻtkazildi.

Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani boʻyicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari berildi.

Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq berildi.

Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) oʻtkazildi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham berilishiga erishildi.

Attestatsiya natijalari QR-kod qoʻyilgan elektron shaklda pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.

Attestatsiya natijasiga koʻra, pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan oʻzgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.

Tadbir soʻnggida jurnalistlarning mavzuga doir savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib oʻtildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu