Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi regulation.gov.uz saytida muhokama uchun eʼlon qilindi.
Mazkur qarordan koʻzlangan asosiy maqsad xalq taʼlimi xodimlarining kasbiy mahorati va faoliyat samaradorligini muntazam oshirib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, malaka oshirish tizimini “hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida takomillashtirishdan iborat.
Loyihaga koʻra xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayoniga taʼlimning kredit-modul tizimini joriy qilishni nazarda tutuvchi “Xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishi toʻgʻrisida”gi nizomni tasdiqlash belgilangan.
Shuningdek, xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining tuzilmasi, xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishi toʻgʻrisida nizom, xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish va Reyestrini yuritish tartibini tasdiqlash koʻzda tutilgan.
Qaror loyihasining qabul qilinishi xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishi tizimini yoʻlga qoʻyish, ularning “hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida doimiy ravishda oʻz kasb saviyalarini takomillashtirib borish va sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish imkoniyatini beradi.
Mazkur qaror loyihasining toʻliq matni bilan regulation.gov.uz muhokamalar portali orqali tanishishingiz hamda ular yuzasidan oʻz taklif va mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin.
.