Prezidentimizning Tatariston Respublikasiga davlat tashrifi davomida ko‘plab yo‘nalishlar qatori taʼlim sohasida ham hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Tataristonga hamda Tatariston delegatsiyasining viloyatimizga tashrifida ham maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingan edi.
Ushbu kelishuvlar doirasida o‘tgan hafta viloyatimizning taʼlim sohasi mutasaddilari, direktorlar hamda malakali o‘qituvchilardan iborat delegatsiya Tatariston Respublikasida bo‘lib qaytdi.
Delegatsiya aʼzolari Yelabuga shahridagi «Alabuga» maxsus iqtisodiy zonasida bo‘lib, bu yerda yaratilgan imkoniyatlar, taqdim etilayotgan imtiyozlar bilan tanishishdi.
“Alabuga Politex” o‘quv markazining ilg‘or tajribalarini o‘rganish chog‘ida taʼlim sifati va mashg‘ulotlar samaradorligi, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, kasbga yo‘naltirish va bandligini taʼminlash masalalarida fikr almashilib, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.