Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
2024-yil 1-yanvardan boshlab — Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinadi;
2024-yil 1-sentabrdan boshlab — menejerlik sertifikatiga ega umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar hodimlariga sertifikat amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
maktab direktorlariga – 50 foiz;
direktor o‘rinbosarlariga – 30 foiz.
Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan tegishli Nizom talablariga ko‘ra:
umumta’lim maktablari direktorlari har 5 yilda bir marotaba belgilangan talablarga muvofiq menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi;
nomzodlar maxsus portal orqali elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tadi;
sertifikat 5 yil davomida amal qiladi.