Eshitishida nuqsoni bo‘lgan o‘rtog‘im bilan so‘zlashishda muammoga duch kelganim defektolog kasbini tanlashimga sabab bo’lgan

18-dekabr 2023-yil
image

Ingliz tili fakultetiga o‘qishga kirishga tayyorlangan kezlarim, eshitishida nuqsoni bo‘lgan o‘rtog‘im bilan so‘zlashishda muammoga duch kelganman. Shu kuni fikrimdan qaytib, defektologiya fakultetiga hujjat topshirganman. Qiziqish bilan taʼlim olganim bois fakultetni imtiyozli diplomga tamomladim. Ustozim Dilobar Yakubjanova magistraturani tamomlab, oliygohda ishlashni tavsiya etgan. Lekin men Quvasoy shahar alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan (kar va zaif eshituvchi) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 90-maxsus maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashni afzal ko‘rdim. "Defektolog — o‘quvchi tanlamaydi, barchaga birdek mehr beradi. Sevadi. Bilim beradi, tarbiyalaydi,"— degan ustozimning gaplarini dasturilamal holida qabul qildim. 

8-sinf rahbari bo‘lib ishlay boshladim. Kasbimning murakkab jihatlarini o‘sha onda anglab, mehr va masʼuliyat bilan ishga kirishdim. Sinfda murakkab nuqsonli qizcha bor edi. Ana shu qizaloq kasalligi kuchayganligi, xulq-atvor buzilishining og‘ir formasi rivojlangan. 1 yil mobaynida uyda uzoq davolangani bois maktabga kelmagan. Bir yildan so‘ng maktabga qaytgan. Lekin bu qizchani “Zulmat” hind badiiy filmidagi qizaloqqa monand harakatlari bo‘lganligi bois ayrimlar o‘qitishdan bosh tortgan. Sinfdagi o‘quvchilarim bilan unga bag‘rimizni keng ochdik. Uni sinfga qabul qildik. Sinfdoshlari bu qizga bor mehrlarini berishlari, o‘qishda yordam berishlari shartligini qatʼiy qo‘ydim. Jamoa bu qizchani tarbiyalay oldi. 

Qizaloq sinfdoshlaridan ortda qolmaslik uchun harakat қилди. Jajji barmoqchalari ruchkani ushlay olmas edi. Imo-ishora nutqini ham bilmas edi. Fikrini tushuntira olmay faqat, yig‘lardi. Imo-ishorani òzlashtirdi. Ilk o‘rgangan imo-ishorasi “rahmat” so‘zi bo‘ldi. Dugonasi unga sovg‘a bergan vaqti “rahmat” imo-ishorasini bajarganda, butun sinf qarsak chalgan. 

Ozgina mehr bu qizchani uyida ham "Maktabga olib borib qo‘yinglar" imo-ishorasini tinmay bajarishga motivatsiya bo‘ldi. Uning keksa bobosi kelib, duo qilganida shu kasbni tanlaganimga shukr qilishimga sabab bo‘lgan. 

15 yildan buyon shu sohada faoliyat yuritaman. Sentabr oyida maktabimiz darvozasidan ko‘zida yosh, qalbida titroq, ming istihola bilan 6-7 yoshli bolajonini olib kelgan ota-onalar qalbiga yo‘l topib, ularga umid, taskin berib "Farzandingiz gapiradi" deb suyanch bo‘lishga harakat qilaman. 

2 nafar o‘g‘lim bor. O‘quvchilarimni uyimdagi oilaviy marosimlarga olib borib turaman. Qaynonam har gal bolajonlarimni olib borsam, bag‘rini keng ochib, kutib oladi. Turmush o‘rtog‘im esa, ularni olib borgan kunim shahar markaziga, sayrga olib boradi.

Eshitishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarda hissiy-emotsional doira buzilishi ko‘proq kuzatiladi. Eshitish pastligi bilan bir qatorda boshqa analizatorlar faoliyatining rivojlanishiga aks taʼsir etadi. Mehribonlik, kuyinchaklik fazilatlari qiyinchilik bilan o‘zlashtiriladi. 

O‘quvchilarimning ota-onalari telefon qilib: "Gulnoza opa, o‘quvchingiz nimadir deyapti, o‘zingiz gaplashiing", deyishadi. Videoqo‘ng‘iroq asosida bolalarimning nima dardi borligini, xohishlarini bilib, ota-onalariga tushuntiraman.

Men unvon yoki ko‘krak nishonlarim bilan maqtana olmayman. Bizning maxsus ta’lim sohamiz ozgina murakkabroq bo‘lgani bois yutuqlarga erishish oson emas. Mening yutug‘im o‘quvchilarimning hayotga qarashini o‘zgartira olganimda, deb bilaman.

Men kasbim bilan faxrlanaman. 2 nafar emas, bir olam farzandim bor. Sababi, o‘quvchilarim - mening hayotim.

Zero, buyuk shoirimiz Alisher Navoiy  aytganidek:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, 
Oncha borkim, Kaʼba vayron bo‘lsa, obod aylagay.

 

Gulnoza Qurbonova,
Quvasoy shahar alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar
uchun ixtisoslashtirilgan 90-maxsus maktab o‘qituvchisi

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu