“Direktorlar kengashi” a’zolari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi

15-dekabr 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda ta’lim muassasalarining zamonaviy boshqaruv shakli bo‘lgan “Direktorlar kengashi” a’zolari uchun seminar-trening tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirdan asosiy maqsad, maktab ta’limi tizimi boshqaruvida jamoatchilik rolini hamda “Direktorlar kengashi” faoliyati samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, Kengash a’zolarining kasbiy salohiyatini yuksaltirishdan iboratdir.

Seminar-treningda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ishtirok etdi hamda “Direktorlar kengashi” faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan ko‘zlangan maqsadlar, kutilayotgan natijalar, uning ta’lim tizimini samarali, ochiq va shaffof tarzda tashkil etishdagi o‘rni va ahamiyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-79-son Farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlaridan iborat bo‘lgan “Direktorlar kengashlari” tuzilgan.

Tadbirda respublikamizning turli hududlarida tashkil qilingan “Direktorlar kengashi”ning 134 nafar  a’zosi ishtirok etdi.

Aytish lozimki, joriy etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimiga tayinlash “Direktorlar kengashi” tavsiyasiga asosan amalga oshiriladi. O‘quv seminar-treningdan maqsad ham mazkur jarayonlarga “Direktorlar kengashlari” a’zolarini tayyorlash, ularning kasbiy mahoratini oshirishdan iborat.

Seminar davomida vazirlikning mas’ul xodimlari hamda malakali trenerlar tomonidan qator mavzularda seminar-treninglar olib borildi. Jumladan, “Direktorlar kengashi”ning maqsad va vazifalari, “Ta’limda liderlik-muammolar va yechimlar”, “Maktablarda ta’lim sifatini ta’minlashda  maktab direktorining roli”, “Direktorlar kengashi” faoliyatini tashkil etish tartibi, “Maktablarda moliyaviy faoliyatni tashkil etish tartibi”, “Mehnat munosabatlari va mehnat qonunchiligi talablari”, “Direktorlar maktabi: ta’limda liderlarni tayyorlashda zamonaviy yondoshuv ta’lim muassasalarini samarali boshqarish”, “Nomzodlarni tanlab olish psixologiyasi”, “Mehnat munosabatlari va mehnat qonunchiligi talablari” kabi mavzulardagi ma’lumotlar, tavsiyalar mashg‘ulot ishtirokchilarilarida katta tassurotlar qoldirdi.

“Direktorlar kengashi” Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri buyrug‘i asosida joylardagi eng tajribali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlaridan iborat tarkibda tuziladi. U umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimiga tayinlash bo‘yicha tavsiya beruvchi maslahat organidir. Kengash tavsiyalari vazirlikning hududiy boshqarmalar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

“Direktorlar kengashi” umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlarida samarali boshqaruvni amalga oshirish, me’yoriy-hujjatlarga rioya qilinishi monitoringini olib borish va tegishli takliflar ishlab chiqishni tashkil etadi.

Kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida yuritadi va oshkoralik tamoyiliga amal qiladi, faqatgina Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob beradi.

Kengash a’zolari soni hududdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari sonidan kelib chiqqan holda direktorlar orasidan 7 nafardan 11 nafargacha etib belgilanadi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan direktorlarning kasbiy malakalarini oshirishga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, joriy yilda “Direktorlar uchun maktablarni rivojlantirish dasturi” doirasida saralab olingan bir guruh soha vakillari Buyuk Britaniyaning Portsmut universitetida malaka oshirib qaytishdi.

Trening tadbirlari davomida mazkur maktab direktorlari va mutaxassislar o‘z safar taassurotlari va Angliya ta’lim tizimi, ingliz maktablari faoliyati haqida ishtirokchilarga so‘zlab berishdi.

“Direktorlar kengashi” a’zolari uchun o‘tkazilayotgan o‘quv seminar-trening tadbirlari joriy yilning 16-dekabriga qadar davom etadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu