Fargʻona, Andijon va Namangan garnizonlarida umumtaʼlim maktablarning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari hamda viloyat, tuman va shahar mudofaa ishlari boʻlimlari boshliqlari ishtirokida oʻquv-seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Tadbirlarda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari, okrug mutaxassislari, “Vatan tayanchi” bolalar va o’smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati boshlig‘i, Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va mutaxassislari soʻzga chiqdi.
Seminarlar davomida asosan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarning samaradorligini oshirish, ularni harbiylik kasbiga boʻlgan qiziqishlarini uygʻotish hamda Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy bilim yurtlari va “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga yoshlarni jalb qilish boʻyicha soʻz yuritildi.
Ochiq muloqot koʻrinishida davom etgan mashgʻulotlarda hozirgi kunda oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi yangilangan taʼlim jarayonlari, oʻquvchi va kursantlarga yaratilgan sharoitlar hamda ularning imkoniyatlari batafsil tushuntirilib, videolavhalar ham namoyish etildi.