Sayt test rejimida ishlamoqda

Ta’lim turizmi rivoji mamlakat taraqqiyotining muhim bo‘g‘inlaridan biridir

19-oktabr 2023-yil
image

Ayni kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) 25-Bosh assambleyasi doirasida qator masalalarga doir uchrashuv va muloqotlar tashkil etilmoqda.

Bugun o‘tkazilgan “Global ta’lim forumi turizmni rivojlantirish asosi” Forumi ham dunyo davlatlari mutaxassislarining mavzuga doir fikrlari va takliflariga boy o‘tdi. Eng muhimi, soha yetakchilari va ekspertlarining tahliliy ma’lumotlari tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.

Tadbirda ishtirok etgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova yaqin yillarda O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan ishlarga to‘xtalar ekan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ta’lim sohasiga eng birinchi masala sifatida e’tibor berilayotganligini alohida qayd etib o‘tdi.

Xususan, ta’lim sifatini oshirish orqali yaqin yillarda “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, O‘zbekiston Global Innovasion Indeksda Top-50 talik mamlakatlar ro‘yxatiga kirishi uchun O‘zbekistonning muhim rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

Qizg‘in muloqotlar shaklida o‘tkazilgan Forumda ta’lim, fan va turizm sohasidagi innovatsiyalarga doir dolzarb masalalar jonli muhokama qilindi, sohaga doir samarali takliflar o‘rtaga tashlandi. Bu borada BMTning Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) tomonidan ko‘zlangan rejalar aytilib, turizm industriyasi kelajagini shakllantirishda ta’lim dasturlarining strategiyasi va roli, shuningdek, bu boradagi maqsadlar, qarashlar va amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi.

UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili o‘z so‘zi davomida ushbu muhim forum bugungi kunda turizm ta’limi sohasida duch kelayotgan dolzarb muammolarga bag‘ishlanganligi bilan alohida katta ahamiyatga ega ekanligiga urg‘u berib o‘tdi. Xususan, ayni vaqtda butun dunyoda yangi texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlari ko‘plab qulayliklar yaratayotgan bo‘lsa-da, boshqa qator muammolarni ham keltirib chiqarayotgani, ularni samarali hal etish uchun turizmning yangi avlodlarini yaratishda ta’limning o‘rni muhim ekanligini ta’kidladi.

Forum davomida ishtirokchi davlatlar o‘rtasida ta’lim turizmini hamkorlikda rivojlantirish borasidagi boshqa muhim masalalar atroflicha muhokama etildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu