TOSHKENTDA TAʼLIMDAGI XALQARO TADQIQOTLARNING O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTIDAGI O‘RNI MUHOKAMA ETILDI

11-aprel 2022-yil
image

Joriy yilning 11 aprel kuni poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Taʼlimdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman tashkil etildi. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti(IHTT), Jahon banki, YUNISEF, YUNESKO tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining taʼlim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer ham bosh maʼruzachi sifatida ishtirok etdi.

Konferensiya kun tartibidan Taʼlim tizimini takomillashtirishda milliy va xalqaro baholash dasturlarining, xususan PISA–2022 baholash dasturining ahamiyati va kutilayotgan natijalar, Inson kapitalini rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish holati hamda istiqboldagi rejalar, O‘zbekistonning xalqaro tadqiqotlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning istiqbollari va shu bilan bog‘liq qator masalalar muhokamasi o‘rin oldi.

Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov anjumanda nutq so‘zlar ekan xalqaro tadqiqotlarning O‘zbekiston taʼlim tizimida tutgan o‘rni, u orqali 15-16 yoshli o‘quvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlash, matematik, tabiiy-ilmiy, o‘qish savodxonligini oshirishdagi ahamiyati haqida so‘zladi. 

 

Aytish joizki, joriy yilning aprel-may oylarida xalqaro tashkilot tomonidan tanlab olingan, mamlakatimizning turli hududlaridagi 202 ta maktabda ushbu tadqiqotlar kompyuter yordamida o‘tkaziladi.

PISA tadqiqotlari har bir mamlakatga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini dunyo taʼlim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etadi, yaʼni investorlar mamlakatda bilimli, malakali kadrlar bormi, degan savolga bu tadqiqot natijalari orqali javob topadi.

Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatimizdagi taʼlim tizimi, taʼlim muhiti, taʼlimni tashkil etilishi, tanqidiy va ijodiy fikrlashlari, egallagan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlari, ota-onalarning farzandlarini taʼlim olishlariga eʼtiborlari va uyda yaratilgan sharoitlari bo‘yicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli maʼlumotlar olishga erishish ko‘zlangan.

Bugungi kunga qadar xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha 14 ta hududda 348 ta tayanch maktablar belgilanib, boshqa 9691 ta maktablar ushbu tayanch maktablariga biriktirildi.

2021 yilda respublikaning 83 ta maktablarida PISA tadqiqotining tajriba-sinovlari o‘tkazildi, endilikda tanlab olingan 202 ta taʼlim muassasalarida 2022 yilda aprel-may oylarida asosiy sinov jarayonlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu