“Barqaror rivojlanish madaniyatini targ‘ib qilish va O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim masalalariga jalb qilish bo‘yicha” Milliy strategiya qabul qilindi
Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida yoshlar tashabbuslari asosida ishlab chiqilgan Milliy strategiyani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, UNICEF tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamadzade, UNESCOning Ta’lim bo‘yicha mutaxassisi Mariko Fujisawa qatnashishdi.
Uchrashuvda, shuningdek Toshkent shahridagi 81-maktab va Muhammad al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Ma’lumot uchun, mazkur ikki maktab ”Eco schools Uzbekistan" loyihasi doirasida Ekologik ta’lim fondi (FEE) 7 qadam dasturining oliy mukofoti — Yashil bayroqqa sazovor bo‘lishgan.
Tadbir davomida mas’ullar ekologik muammolarning naqadar dolzarbligi va ushbu qabul qilinayotgan Milliy strategiyaning ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar, mas’ul vazirlik va yoshlar ishtirokida ishlab chiqilgan mazkur hujjatda:
- bolalarda ekologik muammolar bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirish;
- mamlakatda iqlimbardosh va muqobil energetika manbalaridan keng foydalanish;
- oziq-ovqatni isrof qilmaslik va chiqindilarni qayta ishlash;
- ekologiyani asrashga o‘z hissasini qo‘shganlarni munosib rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanayotganligi ta’kidlandi.