Boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi tashkil etildi
Poytaxtimizdagi 60-umumta’lim maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi bo'lib o'tdi.
Tadbirda Saida Mirziyoyeva, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda soha vakillari ishtirok etdi.
Saida Mirziyoyeva:
— Yurtimizda ta’limga katta e’tibor berilayotganligi sababli ayni vaqtda maktablarimiz infratuzilmasi kundan kun yaxshilanib boryapti. O‘qituvchilarni maktabga qaytarish Prezidentimizning armoni va orzusi edi. Bugun o‘qituvchi darsda.
⠀
Endi ularga tajriba, bilim va o‘qitish uchun dasturlar, metodika va darsliklar kerak. Bu yil boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darsliklari tubdan yangilanyapti.
⠀
Shu bilan birga yangi metodika asosida Toshkentda 300 nafar ilg‘or pedagog o‘z malakasini oshirdi. Umid qilamanki, ustozlarimiz zamonaviy bilim va qo‘nikmalarni qunt bilan o‘zlashtirib, qolgan hamkasblariga ham ularni yetkazishadi.
Tadbirda so‘z olgan vazir Hilola Umarova so‘nggi yillarda tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning moddiy-ma’naviy sharoiti tubdan yaxshilanib borayotgani hamda maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirishning zamonaviy texnologiyalari joriy qilinayotganligi aytib o‘tdi.
Xususan, joriy yilning 14-17-avgust kunlari Toshkent shahridagi 60-maktabda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan seminar mashg‘ulotlarida ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan o‘quv dasturi va darsliklarni amaliyotga joriy etish masalalari keng muhokama etilganlini ta’kidladi.
Treningda ishtirok etgan pedagoglar kelgusida respublikamizdagi boshqa ta’lim muassasalarida tahsil berayotgan mavjud 19 800 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga o‘z bilimlarini ulashishadi.
Tadbir davomida kimyo, biologiya va fizika fanlaridan tayyorlangan virtual laboratoriyaning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga “Global Teacher Prize” tanlovining milliy bosqichi taqdimoti o‘tkazildi hamda ushbu tanlovga start berildi.
O‘zaro muloqot shaklida davom etgan tadbir doirasida o‘qituvchilar tomonidan soha rivoji va ta’lim sifatini oshirishga doir qator taklif va mulohazalar bildirib o‘tildi.
Xususan, mazkur darsliklarni yaratishda ishtirok etgan mutaxassis, pedagoglar hamda o‘qituvchilar o‘rtasida doimiy fikr almashishni tashkil etish maqsadida maxsus platforma yaratish taklifi barcha ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.