"Yoshlar o‘qituvchiga ehtiyoj yuqori bo‘lgan olis hududlarga borib ishlashlarini istardim"
"Muallimning bir kuni" rukni ostida "qizil hudud"ga kelib ishlayotgan Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi 63-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gavhar Bekmirzayeva bilan suhbatlashdik:
- Ma'lumki, Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan ta’lim sifati past yoki olis hududlarda joylashgan maktablarda dars berish uchun boshqa hududdan kelgan o‘qituvchilarga maxsus ustamalar joriy qilindi.
Men ham shu asosida Namangan viloyatidan kelib Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi ta’lim sifati past bo’lgan 63-maktabda boshlang‘ich sinflarga dars berdim. Bunga sabab avvalo boshqa hududlarda ishlab ko‘rish, tajriba orttirish istagi bo‘ldi. Bu yerdagi bolalar shu qadar tirishqoqki, ozgina turtki va yo‘nalish berish orqali ularda yuksak natijalarga bo‘lgan xohishni ko‘rish mumkin. Olis hududga borib ishlash nafaqat tajriba orttirish, balki savob ish ekanligiga ham amin bo‘ldim.
Yashash sharoitiga moslashish biroz qiyinchilik tug‘dirdi, biroq qishloq odamlarining samimiyligi, bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi tezda ko‘nikishimizga yordam berdi. Shu o‘rinda hujjatlarimizni rasmiylashtirishda beminnat yordam bergan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga, Denov tuman hokimligiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Oilangiz bilan begona joyga ko‘chish odamni cho‘chitadigan holat, lekin atrofda yaxshi insonlar bo‘lsa, bundan qo‘rqmaslik kerak ekan. Hali kelganimizga ko‘p bo‘lmasdan ko‘pchilik bilan yaqin bo‘lib ketdik. Ota-onamizni, yaqinlarimizni sog‘inganimizda ular bilan suhbatlashib xuddi o‘z jigarlarimizni ko‘rganday bo‘lamiz.
Albatta munosib sharoit ish unumdorligining oshishida yordam beradi. Men ham berilgan imkoniyatlar: yaxshi maosh, turar joy, mehrli jamoa, qiziqqon o’quvchilarim: bir so’z bilan aytganda sevimli kasbimda ishlayotganimdan mamnunman. Bugungi yoshlarga ikkilanmaslikni, kadrlar shundoq ham yetarli bo‘lgan shaharlarda qolmasdan ehtiyoj yuqori bo‘lgan olis hududlarga kelishlarini, davlatning ko‘magi orqali ham daromadlarini, ham tajribalarini orttirishlari mumkinligini ta'kidlagan bo‘lardim.
Shaharda imkoniyatlar juda ko‘p, nimagadir erishish nisbatan osonroq. Ammo qishloqda, ilmga muhtoj, yangiliklarga chanqoq bolalar yashaydigan uzoq hududlarda ular uchun yangi imkoniyatlar yaratish chin ma'noda qahramonlik bo‘lishi mumkin. Ayrim diplomlari bo‘la turib boshqa yurtlarda ishlash uchun ketayotgan yoki ish yo‘qligidan noliyotgan hamyurtlarimizga shunday hududlarda ishlashni tavsiya qilaman. Xorijda topiladigan o‘sha daromadni shu yerda ham topish mumkin. Bunga o‘zim shaxsan guvohman. Qishloq ahlining sizga bo‘lgan hurmati, e'tibori, farzandlariga berayotgan ta'limingiz uchun qilayotgan duolari hayotingizni butkul o‘zgartirib yuborar ekan.