Bugun hech kim inkor etmaydi — korrupsiya millat ravnaqi, yurt taraqqiyoti hamda har bir soha rivojiga to‘siq bo‘luvchi jamiyat qusurlaridan biridir.
Ayni paytda yurtimizda olib borilayotgan xalqchil islohotlarning dastlabki sharti ham ochiq va oshkoralik tamoyillariga asoslangan korrupsiyasiz jamiyat qurishdir.
Shu ma’noda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va uning tizimidagi boshqaruv va ta’lim tashkilotlari faoliyatini shaffof tamoyil asosida tashkil etish bo‘yicha barcha zarur choralar olib borilmoqda.
Xususan, vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini o‘zida aks ettiruvchi tegishli huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Korrupsiya holatlari haqida tezkor xabar berish maqsadida tegishli Ishonch telefonlari hamda boshqa aloqa kanallari uzluksiz ishlab turibdi.
Eng muhim qadam sifatida sohaga daxldor mas’ul xodimlarning huquqiy bilimlari doimiy oshirib borilishi natijasida ayni vaqtda tizimdagi korrupsion holatlarning keskin kamayotgani, men o‘ylaymanki, ta’lim tashkilotlari faoliyatining yanada rivojlanishiga turtki bermoqda.
Bunda dastlabki e’tibor sifatida xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish jarayonida ularning korrupsiyaviy hatti-harakatlarda qatnashmaslik, o‘z vakolatlarini suiste’mol qilmaslik bo‘yicha bilim va malakalari qay darajada ekanligiga qattiq sinovdan o‘tkazilib, ularning bu boradagi majburiyatlarini anglatish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga vazirlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlariga ishga qabul qilish jarayonlari ochiq, oshkora hamda shaffof tanlov asosida, internet tarmog‘ida onlayn rejimda namoyish etish orqali tashkil etilib kelinmoqda.
Korrupsion holatlarga keskin kurashish bo‘yicha jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, har bir sohada amalga oshirilayotgan ishlar ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilganligi katta ijobiy natijalarga olib keladi.
Aytish lozimki, vazirlik o‘z faoliyatiga doir barcha jarayonlar, xususan, davlat xaridlari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi ishlar to‘g‘risidagi hisobot va ma’lumotlarni muntazam ravishda vazirlik veb-sayti, rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalarida keng yoritib kelmoqda. Shuningdek, OAV so‘rovlari hamda jurnalist va blogerlar ishtirokidagi turli darajadagi tadbirlarda bu haqida batafsil ma’lumot berib kelinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, tizim faoliyatini shaffof tashkil etish, mehnat, moliyaviy va huquqiy munosabatlarda qonunchilik talablaridan og‘ishmay, chin insoniylik tamoyillariga amal qilishda soha fidoyilari va mas’ullarining bilim va malakalari yetarli ekanligiga ishonaman.
Va yana aminmanki, vazirlik jamoasi, barcha darajadagi rahbar va xodimlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan amaldagi qonunchilik hujjatlari, kasbiy odob-ahloq qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha quyi tashkilotlar va pedagoglarga shaxsiy namuna bo‘lib kelishmoqda.
Soha fidoyilarining bahamjihat shiorlaridan biri ham shu: ta’lim sohasida korrupsiyaga o‘rin bo‘lmasligi kerak.
Hilola Umarova,
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri