Joriy yilning 6 yanvar kuni Xalq taʼlimi vazirligida sohada byudjet mablag‘larini samarali va to‘g‘ri sarflanishini nazorat qilish, boshqa organlarning xalq taʼlimi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashuviga, pedagog kadrlarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularni majburiy mehnatga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralarni ko‘rish hamda tizimda ichki nazoratni, korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlarini tashkil etishning yangi tizimini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ayni vaqtda yuqorida keltirib o‘tilgan masalalarni muvofiqlashtirish va tashkil etish bo‘yicha Xalq taʼlimi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati hamda Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi o‘z ish faoliyatini olib bormoqda.
Yig‘ilishda Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasiga byudjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishi holatlarining profilaktikasini taʼminlash va ularning oldini olish yo‘nalishlarni kuchaytirish kabi qator vazifalar topshirildi. Kelgusida amalga oshiriladigan ko‘plab masalalar belgilab olindi.
Jumladan, yanvar-mart oylari ichki audit xizmati xodimlari uchun dolzarb uch oylik deb eʼlon qilindi. Endilikda noqonuniy xarajatlarni amalga oshirish xavfi mavjud bo‘lgan hududlar bo‘yicha alohida “qizil” ro‘yxat aniq belgilab olinadi. Ushbu hududlarda ish haqining moliyalashtirilishi hamda qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi jarayonlari doimiy nazoratga olinadi. Joriy moliyaviy yil uchun tasdiqlangan byudjet xarajatlarining maqsadli samaradorlik indikatorlarining ijrosi haqqoniy baholab boriladi.
Shuningdek, Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan xalq taʼlimi hududiy bo‘limlari “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratilgan holda korrupsiyaviy omillar kompleks tahlil qilinadi. Har bir idoraga “tashxis” qo‘yish ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, har chorakda bo‘lib o‘tadigan hayʼat yig‘ilishida davlat idorasining markaziy apparatidan tortib, eng quyi bo‘g‘inidagi vakiligacha qamrab oluvchi tanqidiy muhokamalar o‘tkaziladi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar belgilanadi. Jamoatchilik, huquq-tartibot idoralari va hokimlik vakillarini jalb etgan holda korrupsiya avj olgan hududlarda «Korrupsiyasiz hudud» loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Byudjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishi holati profilaktikasi taʼminlanib, ularning oldini olish borasidagi faoliyatiga zamonaviy mexanizmlar joriy etiladi.
Yig‘ilish doirasida xalq taʼlimi tizimi muassasalarida autsorsing xizmatlari, shuningdek, davlat xaridlari, davlat mulki obyektlari, davlat-xususiy sheriklik sohalari, «ishonch telefonlari», rasmiy veb-saytlari va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Byudjet qonunchiligi buzilishining oldini olish maqsadida axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish hamda tegishli maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.