Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2012-yil 18 oktabrdagi 297-sonli qaror ilovasi bilan tasdiqlangan “Oʻrindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 25 bandida byudjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat koʻrsatish zonasini kengaytirganlik, ishlar hajmini koʻpaytirganlik uchun qoʻshimcha haq toʻlash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlanayotgan lavozim boʻyicha maoshning (tarif stavkasining) 50 foizidan ortiq boʻlishi mumkin emasligi belgilangan.
Shunga koʻra davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ishlovchi xodimning ayrim sabablarga koʻra ishlamagan davridagi ish yuklamasi boshqa xodimlarga yuklatilganda yuklangan ish stavkasining 50 foizi miqdorida ish haqi toʻlovlari amalga oshiriladi.
Misol uchun: 1 stavkada ishlovchi oʻrta maxsus tarbiyachi (bir oylik ish haqi miqdori 2 147 145 soʻm) oʻzining asosiy ish haqi saqlangan holda malaka oshirishga yuborilganda, uning ish yuklamasi 2 nafar tarbiyachiga 0,5 stavkadan yuklab berilsa, har bir tarbiyachi uchun yuklangan ish stavkasining 50 foizi miqdorida ish haqi toʻlanadi.