O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-sonli Qaroriga asosan, maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etilgan hamda nodavlat umumta’lim tashkilotlari ulushini oshirish belgilangan.
Toshkent shahri, Yunusobod tumanida joylashgan 63-sonli umumtaʼlim maktabi hududida bo‘sh turgan unga tutash yer maydonida (4000.0 kv.m.) (keyingi oʻrinlarda — DXSh obyekti) davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasi shartlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat sherigi bilan kelishilgan loyiha hujjatlari asosida DXSh obyektida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish uchun bino va inshootlar qurish, shuningdek, ushbu muassasaning moddiy-texnik bazasini zamonaviy standartlarga mos ravishda tashkil etish;
bitim amal qilish muddati davomida DXSh obyektining asosiy faoliyat turini o‘zgartirmagan holda foydalanish;
DXSh obyektida bino va inshootlarni texnik va yong‘in xavfsizligi qoidalariga muvofiqlashtirilgan holda qurish hamda bitim amal qilish muddati davomida ushbu qoidalar asosida rekonstruksiya va ekspluatatsiya qilish;
uzoq muddatga DXSh obyektini rivojlantirish rejasini davlat sherigiga taqdim etish.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida” 2019-yil 10-maydagi O‘RQ-537-sonli Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat-xususiy sheriklik sohasini yanada takomillashtirish hamda kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 30-oktabrdagi 720-sonli qaroriga muvofiq, mazkur loyihaning konsepsiyasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yil 13-dekabrda tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, tasdiqlangan davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini potensial davlat sherigi (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi) tomonidan boshqa talabgorlarga davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishidan manfaatdorligi to‘g‘risida ma’lum qilish maqsadida o‘zining hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida qirq besh kalendar kun muddatda e’longa joylashtirdi.
Qiziqish bildirish uchun so‘rov shakli
Loyiha konsepsiyasi
Tenderda qatnashish uchun manfaatdor tomonlar qiziqish bildirish uchun so‘rov va tender arizalarini (takliflarini) 2025-yil 27-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha topshirishlari kerak.
Qiziqish bildirish uchun so‘rov va tender arizalari (takliflar) quyidagi manzilda qabul qilinadi: Toshkent shahri, A.Navoiy ko‘chasi, 2a uy (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi).
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasiga binoan, qiziqish bildirish uchun so‘rov va tender arizalar (takliflar) olingan taqdirda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan loyihaning xususiy tashabbuskori va qiziqish bildirgan uchinchi tomonlar ishtirokida xususiy sherikni aniqlash uchun tender o‘tkazadi.