5-sinf “Rus tili” darsligidagi QR kodlar taqiqlangan manbaga yoʻnalmoqda. Biz QR kod orqali resurslarni ocha olmadik. Nega davlat darsliklari bepul boʻlsa, darsliklardagi QR kodlarga taqiq qoʻyilgan? maʼnosidagi sarlavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Ushbu xabar yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qoʻyidagilarni maʼlum qiladi:
Avvalambor, darsliklarga qoʻyilgan QR kodlar, dars mashgʻulotlari vaqtida oʻquvchilar mustaqil ravishda qoʻshimcha materiallardan (multimedia ilovalaridan) hamda tegishli mavzular boʻyicha interaktiv resurslardan toʻgʻri va maqsadli ravishda foydalanishlari uchun joylashtirilgan.
Xususan, “Rus tili” fani darsligiga mashqlarni bajarish uchun QR kod orqali tegishli topshiriqlar kiritilgan. Darslikni chop etish vaqtida mazkur QR kod orqali kirilganda oʻquvchilar bajarishi uchun tegishli mashqlar mavjud boʻlgan.
So‘nggi vaqtlarda darsliklarga qoʻyilgan QR kodlar ta’limga oid bo‘lmagan havolalarga yo‘naltirilayotganligi sababli Vazirlik tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga darsliklardagi havolalar (QR kodlar)dan foydalanishni cheklash boʻyicha murojaat etilgan.
Ta’kidlash lozimki, QR kodlardan foydalanishni vaqtincha cheklashdan koʻzlangan maqsad taʼlim jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlarni oldini olishdan iborat.