Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oleg Malginov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakatning taʼlim sohasidagi hamkorligi mustahkamlanayotganligi ijobiy baholandi. Xususan, birgalikda amalga oshirilayotgan “Klass!” loyihasi orqali rus tilini oʻqitish metodikasi qayta koʻrib chiqilayotgani, yangi darsliklar va rus tili oʻqituvchilarini sertifikatsiyalash oʻziga xos ijobiy natijalar berayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi. 2020-yildan buyon amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida qator rossiyalik mutaxassislar mamlakatimizga kelib, mahalliy oʻqituvchilarga oʻqituvchilik mahoratini oshirish va bolalarga rus tilini oʻrgatayotgani hamda bu kabi dasturlar bugungi kunda juda ahamiyatli ekanligini va oʻqituvchilarga, ayniqsa, viloyatlar va olis tumanlaridagi oʻzbek maktablarida rus tilini oʻqitishni yaxshilashga yordam berishi qayd etildi.
Shuningdek xalq taʼlimi vaziri tomonidan Rossiyada vaqtincha ishlayotgan oʻzbekistonliklarning farzandlarini Rossiya maktablarida taʼlim olishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etishini va ushbu masalada maktab yoshidagi bolalarni taʼlimga qamrab olinmay qolishini oldini olishga birgalikda harakat qilish zarurligi taʼkidlandi.
Shu bilan birgalikda, maktab bitiruvchilarga imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Rossiyaning Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish uchun kvotalar sonini oshirish va bunda oʻqituvchilar uchun ham alohida kvotalar ajratish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Muzokaralar soʻngida RFning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oleg Malginov Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovni oktyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan Rossiya taʼlim yarmarkasiga mehmon sifatida taklif qildi.
--